JODU TUGADI

Размер шрифта:   13
JODU TUGADI

Книга на узбекском языке

JODU TUGADI

faqat mehnat, aql va ilm

(ertak qissa)

Ikki yurt

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, Qargʻa qoqimchi, Chumchuq chaqimchi, Toshbaqa tarozibon, Boʻri bakovul, Tulki yasovul boʻlgan zamonlarda ikki yurt boʻlgan ekan. Biri Quyosh yurti, ikkinchisi Zulmat saltanati. Aytilmoqchi boʻlinayotgan voqealar shu ikki yurtda yuz berdi.

Boy bobo va oʻjar, ishyoqmas Oysanam

Quyosh yurtida, Boy boboning hashamatli hovlisida qizi Oysanam halinchakda uchar edi: oʻzi goʻzal, ammo erkatoy va oʻjar edi.

Ogʻildan egnida yaktak, soqoli patak Boy bobo yagʻrini yiltillagan, egari tilladan otini yetaklab chiqdi:

– Qizim, hadeb uchavermay, kitob oʻqi! – dedi.

Oysanam otasiga boqdi, qoshini chimirib qoqdi, uchishda davom etib aytdi:

– Kitobga qarasam uyqum keladi…

Shu gap orasida halinchak tepaga chiqib, ortga qaytdi.

Boy bobo otining jabdugʻini qoqdi, koʻtarilgan changni puflab, qizining gapidan «uf»lab darvozadan chiqdi.

Jodugarning yosharish tashvishlari

Boy bobo va Oysanamning bu suhbatini Zulmat saltanatining sohibasi – Jodugar oʻz kulbasida, choyini sovitib, vay-fayini yoqib, oʻzini ovutib, bir kosa suvga boqib, koʻrib, eshitib oʻtirardi. Jodugarning televizoriyam, internetiyam shu – bir kosa suv edi, oʻzi ancha quv edi. Uni xursandchilik qaritar, gʻam-alam dardini aritardi. Shundan kosasiga muk ketgan, har kelganda “duk-duk” etgan xabarlarda yaxshi gapning oʻzi yoʻq, maʼni-mazmun, tuzi yoʻq.

Endi shu xabarlar ham keskin taskin bermay qoʻydi: hayotdan toʻydi. Yoshi mingdan oshgan, esi shoshgan, shundan kirarli-chiqarli, keyingi besh yuz yilda bir martayam yosharmagan, shu davrda kosadan bosh koʻtarmagan, mana, nihoyat, keksayib, xotirasi soʻnib, koʻzi tinib borayotganda, yosharish esdan chiqqanini eslab, esnab oʻtiribdi.

Jodugarlik kitobida yozilishicha, hech bir sababu sirsiz, gʻam-alam taʼsirsiz boʻp qolganda, eng qaysaru besar, chandon aqlsiz, quloqsizu nodon qizning yigʻlatib, koʻz yoshi va bir-ikki tomchi qonidan qaynatma qilib, eshakmiyaning urugʻini qoʻshib ichsa, qoni joʻshib, yosh qizga aylanadi.

Shunga bechora koʻpdan buyon Quyosh yurtidan nodon qizni qidirib ovora.

Muk tushib, qoshini qoqib, kosaga boqib oʻtirgan Jodugar Oysanamning gaplarini eshitib, qiligʻini koʻrib, tizzasiga shappatilab urib, baqirib yubordi:

– Ana! Nihoyat topdim! Shu qiz meni yoshartiradi!

Zulmat saltanatiga egalik qilsa ham Jodugarning uyi dabdabalik emas. Feʼliga xos, yonib, kulga aylangan saltanatiga mos: uy ichi panjakash suvoq, tokchada moychiroq, boshqasida sopol tovoq, yonida singan oynak, chegalangan piyola va choynak. Yana birida eski kiyimlar uyilgan, toʻrtta uchi tuyilgan boʻxcha. Hemiriyam yoʻq hamyonida – saltanatiga yarasha xoni-da! Na oʻzi ishlaydi, na birovga ish beradi, butun olamni unutgan, faqat qoʻlidagi tasvirli kosa tutgan.

Jodugar bir tavaqasi ochiq deraza yonida gerdayib, biroq quroq koʻrpachada oʻtiribdi. Polda olacha (gilamni toʻshamaydiki, uni samolyot oʻrnida ishlatadi), derazada kir parda, Jodugarda asab va zarda:

– Ey, Dev qani, Dev?! Tulki, Devni chaqir!!! Boʻri, gilamni hozirla! Ish bor!

Bu xonadonda, ertaklarda aytilganday Boʻri bakovul, Tulki yasovul edi. Uyi katak, juni patak Boʻri oshxonada, qozon yonida, qoʻyning sonidan shoʻrva qaynatadi. Tulki darvoza yonida mudrab yotayotgandi, xurrak otayotgandi.

Jodugarning ovozidan ikkalasi ham sapchib tushdi, hushi uchdi.

Hovliqqan Tulkining xabaridan soʻng muhim ishlarning baridan voz kechgan Dev shu yoqqa oshiqdi.

Unga Jodugarning hovlisi tor-da, shuning uchun oʻrdagi gʻorda yashaydi. Devning badanini jun bosgan, juniga qoʻytikan osgan, uzun qoʻlli, dalli-gʻulli, ogʻzi kalishday, boshi bolishday, yelkasi poʻstak, aqli pastak.

U Jodugarning oʻrdagi ishongan yugurdagi.

– Gilamga oʻtir-da, Quyosh yurtiga yoʻl sol! Boy boboning qizi Oysanamni oʻgʻirlab kel, – topshiriq berdi Jodugar hovli oʻrtasida tek, jun bosgan chinordek turgan Devga.

– Pishirib yeymizmi? – sevindi Dev, lab-lunjini tortib, yuz junini artib.

– Seni pishirib yeymiz, – jahl qildi Jodugar. – Sogʻ-salomat olib kel!

Dev boshini xam qilib, samolyotni gilam qilib uchib ketdi.

Dev Quyosh yurtida

Quyosh yurtining begʻubor osmonida orqasidan chang-chung qoldirib, koʻplarni vahmaga soldirib, qorni ochib – alamda, uvada gilamda Dev uchib borardi. Osmonga gilamning chang izi tushgan, bunga Devning koʻzi tushdi:

– Jodugar gilamini qoqib, yuvib qoʻysa boʻlmasmikin? Osmonni oʻzining saltanatiday rasvo qildi…

Shuni aytib, qaytib kuzatishda davom etdi va Boy boboning hovlisini topdi.

– Oh, ana! – hovliqdi Dev. – Ana, Oysanam halinchak uchyapti, Otasi yoʻq, ishimiz-ku oson koʻchdi.

Dev gilamning bir chetini tortib, ikkinchi chetiga butun gavdasini ortib, “ehheyyy”, degancha, pastga shoʻngʻidi. Dev shoʻngʻib boraversin, unga “ovozing lahaddan kelsin”, deb gapni Ahaddan eshitamiz.

Ahad ovga, teraklar gʻovga ketdi

Quyosh yurtidagi qishloq chekkasida, bir tomon haydalgan dala, bir tomon haydalgan mol-qoʻylar, bir yon paxsa uylar, tuproq koʻchalarda tovuq-joʻjalar, ariqlarda shildirab suv oqadi, quloqqa yoqadi, ariq labida qator oʻsgan, quyoshni toʻsgan teraklar shabbodada tebranadi, eshaklar ajriq gʻajiydi, kurralar urra-urra chopadi.

Tuproq koʻcha boʻylab Ahad zoti – it, oti – Olapar boʻlgan jonzot bilan birga qishloqdan chiqib borardi. Ahad chaqqon, yelkasi osha kamon taqqan, kamarida oʻqdon, unda patli paykon.

Olapardan soʻradi:

– Men bilan ovga borasanmi?

Olapar ikkilandi:

– Bilmadim… Xoʻjayindan soʻramagan edim…

Olapar soʻz aytuvda biroz taytuv edi: soʻramagan boʻlsang, shundan shaqqa, balo bormi kelmoqqa? – deydigan odam yoʻq.

Bir pashsha shosha-pisha Ahadning yuzi atrofida aylanaverdi, u Olaparni eshitmay, qoʻli bilan pashshani haydadi, pashsha esa haydalmadi, nariga uchib, gʻoʻngʻilladi, Ahad anqaygan Olaparga toʻngʻilladi:

– Hozir boplayman…

Yelkasidan kamonni olib, yon tomonga boqib, oʻqlab, yoyni tortdi va pashshani choʻtladi, u choʻchib, u yon-bu yonga aylanib uchdi, Ahad ortidan kamonni toʻgʻrilayverdi. Olapar xavotirda edi, Ahadga dedi:

– Kichik xoʻjayin, shu yaxshi fikr, deb oʻylayapsanmi?

– Shoshma! Hozir pashshani koʻzidan uraman, – maqtandi Ahad.

– Bilaman, kichik xoʻjayin, tengsiz mergansan, pashshaning koʻzidan urasan… – yalindi Olapar. – Lekin… Lekin pashshaning koʻzi tugul, oʻziyam oʻqni tutib qolmaydi-da.

– Qoʻrqma!

Pashsha teraklar tomonga oʻtganda, uni nishonga olib, kutgan Ahad kamondan oʻq uzdi, vahimasi olamni buzdi, biroq paykon pashshaga ziyon-zahmat yetkazmay oʻtdi, koʻcha chetida qator teraklarni bir-bir tilib ketdi. Bu daraxtlar asta-sekin, birin-ketin yoʻl ustiga quladi. Olaparning kapalagi, kapalakning xayoli uchdi. Qoʻylaru qoʻzi, mollarning oʻzi, tovuqning joʻjasi, eshakning mochasi har yon qochdi.

– Bu nima ishing?! Rasvo qilding-ku! – dedi Olapar. – Xoʻjayin bilib qolsami?

Ahad choʻchib, xayoli uchib barcha teraklarni singan joyiga omonat tiklab chiqdi, ular avvalgiday tizilib, barglari biroz suzilib qoldi. Lekin oʻrtan beli darz ketib, “tars” etib yiqilganini birov sezmaydi.

Chumchuq bozorda. Yangilik qidiradi

Chumchuq “oʻzi tuzuk choparmanmi, biror yangilik toparmanmi”, deb bozor uzra uchardi. Birov bilar, birov bilmas – chumchuqlar bozorbop emas, mushtday-ku, yurib netadi? Koʻpning oyogʻi ostida qolib ketadi. Shundan qishu yozda parvozda, atrofni kuzatadi.

Bu mahal jarchi jar solib, na sogʻu va na kar qolib, hammaga Boy boboning qizini Dev opqochgani, otasining dangalligi, kim Oysanamni uning changalidan ozod qilsa, bealdovu hilla, bir sandiq tilla hadya qilishini uqtiraverdi. Chumchuq qanot ham, quloq ham qoqmay tingladi, hatto, shunchalar jon quloq boʻldiki, sal qolsa “toʻp” etib tuproq koʻchaga qulardi, yosh-yalangga uloq boʻlardi.

Chumchuq qishloqqa qaytdi, yoʻl-yoʻlakay barchaga yangilikni aytdi! Uni chaqimchi ataganlar bekor debdi, nomaʼqulning beshtasini yebdi: shunchaki eshitgani ichiga sigʻmasa netadi (mushtdekkina axir), kimgadir aytmasa yorilib ketadi.

Yoʻl chetidagi, boya Ahad paykon bilan urib ishni “tindirgan”, oʻrtan belidan sindirgan teraklar, qarang, arang tik turibdi. Chumchuq bir past, bir baland, xursand, oʻz xayoli bilan band, kiroyi xirgoyi qilib uchardi, nimagadir chalgʻidi, qanoti bilan teraklardan biriga tegib oʻtdi.

O, mo‘jiza!

Teraklar birma-bir quladi, Chumchuq na yigʻlaydi, na kuladi – havoda osilib, qanotini qoqolmay, atrofga boqolmay, tumshugʻi lang, holi tang qoldi:

– Voy, men ahmoq, nima qilib qoʻydim!? Yiqitivordimmi?! Hammasinimi?!

Chumchuq xabar yetkazadi

Quyosh yurtida keksarib qolgan Dehqon bobo bosh boʻlgan, u bilan tengdosh boʻlgan xotini Enajon momo, yigit boʻp qolgan oʻgʻillar – Ahad, Poʻlat va oʻsha, biz tanigan Olapar va Xoʻtikdan iborat oila umrguzaronlik qiladi.

Toʻngʻich oʻgʻil Ahad behad boylikka oʻch, Poʻlat oʻzi ulgʻayib, fikri ulgʻaymagan. Olapar laganbardor, lekin lagan tutishni bilmaydi. Xoʻtik, dovdir, lekin oʻzdir, birovdir, yomonlik tilamaydi.

Dehqon boboning hovlisidagi olcha tagidagi supaga sholcha toʻshalgan, koʻrpacha solingan. Supa oʻrtasida dasturxon, toʻrt-besh meva va non. Uning atrofida Dehqon bobo, Enajon momo va Poʻlat. Nariroqda Olapar oʻtiradi, uning yonidagi Xoʻtik moʻltiraydi. Chumchuq olcha shoxiga qoʻnib, mashhur notiqqa doʻnib, gap boshladi:

– Ota, xafa boʻlmaysiz, yoʻl chetidagi teraklarni qanotim bilan urib yiqitdim.

Xoʻtikning ensasi qotdi, «ol-a!» deb gap otdi. Poʻlat yolgʻonchi deb bildi, istehzo bilan kuldi:

– Shu qanoting bilanmi?

– Menda boshqasi yoʻq! – Chumchuq hayron.

Dehqon bobo bir zum tabassum qildi:

– Hammasinimi?

– Hammasini! – Chumchuq gap eshitishga tayyor, ayyor boladay koʻzlarini yumdi.

– Qoʻyaver… Boʻp turadi, – Dehqon bobo miyigʻida kuldi, chunki bildi, bu sof lof.

– Urishmaysizmi? – dedi Chumchuq biyron, hatto hayron ham boʻldi.

– Yoʻq.

Chumchuq oʻziga keldi (oʻzidan ketganini biz bilmaganmiz), koʻzini ochdi, boshini qashladi, soʻng gap boshladi:

– Unda boshqa yangilikni aytay… Dev Oysanamni oʻgʻirlabdi. Boy bobo qizini olib kelganga bir sandiq tilla vaʼda qilibdi!

Xoʻtik mijja qoqdi, hayrat bilan Chumchuqqa boqdi, Poʻlat hovliqdi:

– Bir sandiq tilla?!! Kam pul emas! Xoʻtikni minib, Devning ketidan borsammi?

Xoʻtikning quloqlari ding, ogʻzi lang, holi tang boʻldi – Poʻlatning gapi yoqmadi. Dehqon boboga boqdi-da, kesatdi:

– Biz hali yosh boʻlsak… Bizga tilla kerak emas… Xashak, arpa boʻlsa boshqa gap.

Dehqon bobo Chumchuqqa dedi:

– Bu yolgʻonni bizga aytding, Ahad bilmasin, u pulga oʻch, hovliqib qoladi.

Chumchuqning koʻzlari oʻynadi, ichida nimanidir oʻyladi.

Ahad xursand, omadi kulmoqda

Ahad ertalab uyqudan turib, yuvinib, artinayotganda Chumchuq paydo boʻldi va chiqirlab, daraxtga qoʻnib, atrofga alanglab, hech kim yoʻqligini anglab, yonga shox tashladi, sirli ohangda gap boshladi:

– Yangilikni eshitdingmi?

Ahad atayin bu betayin Chumchuqning savoliga eʼtibor qilmadi, nazarga ilmadi: oʻzi nima-yu yangiligi nima boʻpti?

– Kecha Oysanamni Dev oʻgʻirladi. Boy bobo qizini olib kelganga bir sandiq tilla bermoqchi, – dedi Chumchuq.

Bu payt oy va yulduzlar yotgan, tong otgan edi, Ahad tong qotdi, soʻng hovliqdi:

– Tilla?! Bir sandiq!? Ura!!! – biroz turib, oʻzini bosdi. – A, boʻlarkan-ku… Qachondan beri kutaman, kimnidir Dev oʻgʻirlab, men qutqararkanman, deb… Mana, nihoyat!

Hovliqishidan Chumchuq notoʻgʻri xayolga bormasaydi, butun dunyoga yoymasaydi, degan xavotir fikrini oʻgʻirladi, shart gapini toʻgʻriladi:

– Har-har zamonda odamning qahramonlik qilgisi keladi-da.

Ahadning fikri Dehqon boboga maʼqul koʻrinmadi. Dehqon bobo, umuman, fikr koʻrinmasliginiyam yaxshi biladi.

– Badfikr boʻlma, bolam, – deb dakki berdi oʻgʻliga. – Hech qayga bormaysan… Bunaqa maqsad bilan hech ishni uddalolmaysan.

– Tushunmaysiz-da, – Ahad gap uqtirdi. – Bir umr rahbarning beti-yu, echkining ketiga boqib oʻtiramizmi? Shart boraman, qizni olib kelaman, bir kunda boy boʻp ketamiz.

– Xayrli ishni gʻaraz maqsad bilan boshlama, ulim, – dakki berdi Dehqon bobo.

Biroq, Ahad gapga kiradiganlardan ham, chiqadiganlardan ham emas, xabarning saragini, tillaning daragini eshitib, hushi yoʻqoldi, uyqusi qochdi, fikri chalgʻidi, xayoli uchdi, aqli esa azaldan yoʻq edi, baribir bir reja toʻqidi: kechasi, hamma – ammayu chechasi uyquda chogʻida uydan qochib, Devni qidirib ketadi.

Ertalab. Dehqon bobo norozi

Erta tongda Ahadning joyi boʻshligini koʻrib – Dehqon bobo lol, Enajon momo dol boʻldi.

– Bu qani? – soʻradi Enajon momo.

– Devning ortidan ketgan, – dedi Dehqon bobo.

Olapar ham hayratda, qovogʻi shishib, kerishib:

– Yoʻgʻ-e!? – dedi.

Dehqon bobo avvaldan sezardi, Olaparga gezardi:

– Nima, ishonmaysanmi? Oʻzi aslida sendan soʻrash kerak qayga ketganini. Bu uyda qoʻriqchi senmi, men?

Olapar aybdorday, gunohi borday bosh egdi. Enajon momo Dehqon boboga malomat qildi:

– Bilarkansiz, qaytarsangiz boʻlmasmidi?

Enajon momo koʻz yoshladi, Dehqon bobo maʼnili nigoh tashladi:

– Mayli, borsin, qizni qutqarsin, muhimi boylik emasligini tushunsin.

Bu gap Enajon momoga yoqmadi:

– Nega endi mening bolam qutqaradi?!

– Baribir kimningdir bolasini kimningdir bolasi qutqarishi kerak-ku!

Jodugar sehrini ishga soladi

Jodugar kulbasida, quroq koʻrpachada, televizor-internet-kosaga boqib, burga koʻrib, bit boqib oʻtiribdi.

Birdan sapchib tushdi. Yoʻq, burga tutmadi, kosa Ahadni koʻrsatdi, u qoʻlida qilich, yurakda shijoat gʻij-gʻij, kamon, paykon va qalqonni koʻtarib, egnida sovut, boshda dubulgʻa, Devni qidirib kelmoqda.

– Vah, Cholning oʻgʻli kelyapti-ku, – dedi vahima bilan. – Jodu oʻqib, yoʻlini boylayman…

Jodugar, koʻzlarini nim yumib, obakidandondan shimib, xiyol tepaga boqib, duosini eslamoqchi boʻldi, lekin yoʻq esga duo keladimi? Soʻng koʻz yumgan bilan foydasi yoʻqligini anglab, atrofga alanglab nazar soldi, tokchadan sehr-jodular kitobini oldi. «Qarigach teshik xotira toʻlmaydi, tezroq yosharmasam boʻlmaydi, shu ketishda yosharish kerakliginiyam unutib qoʻymasam goʻrgaydi», deb oʻz-oʻziga valaqlab, kitobni varaqlab, kerakli joduni topdi, koʻrsatkich barmogʻi bilan yozuvga niqtab, qiroat bilan oʻqidi:

– Tovuq olsang nar chiqsin, qanotidan par chiqsin, botir mergan hovliqma, roʻparangdan jar chiqsin. Suf-f-f!

Jodu manzilga yetib bordi

Ahad charchab-netib, tuproq yoʻldan ketib borardi. Toʻsatdan yer ikkiga boʻlinib, changidi, oʻrtada jar paydo boʻlib, Ahad gangidi. U yon-bu yonga boqdi, kiprik qoqdi – qarasa, jarda osma koʻprik, sevindi – yoqdi.

Bu payt Jodugar kulbasida, sabr kosasi toʻlib, nim kosasiga mahliyo boʻlib, jarni kuzatardi. Koʻprikni koʻrib, oʻz anqovligidan nahurib, dedi:

– Voy, yiqilmayapti-ku, koʻprikni kim qurdi? – atrofga alang-jalangladi, nodonligini angladi. – Koʻpriksiz jarning duosi qanday edi-ya?!

Biroq xotirasi teshik togʻoraga yoki nogʻoraga oʻxshab, ichida hech vaqo qolmagan, bir-ikki siyqa, quyqa fikrlarni hisobga olmaganda, albatta. Shoshib yana kitob ochdi, kerakli joduni topib, hovliqib tupuk sochdi:

– Biri-yu miri, koʻprikjon chiri! – qoʻlini oldinga uzatdi. – Suf-f-f!

Bu payt Ahad koʻprikdan oʻtardi va birdan shamol koʻtarildi. Koʻprik patday qalqidi, Ahadning koʻnglida xavotir balqidi. Koʻprik taxtalari chirib, tushaverdi… Ahad nima qilarini bilmay, boshi qotdi, qimirlashga-da choʻchib, joyida tosh qotdi. Nihoyat yoʻlini topdi – sakrab-sakrab narigi qirgʻoq tomon chopdi. Qirgʻoqqa arang yetdi, qarang, bu payt koʻprik ham jarga quladi.

Ishga Dev jalb etilmoqchi

Zulmat saltanatida kosasiga boqib oʻtirgan Jodugar Ahadning jardan oʻtib olganini koʻrdi, koʻrdiyu boʻkirdi:

– Hov, Boʻri!

Jodugar derazadan bosh chiqarib, bostirma ostidagi oʻchoq boshida, shu yoshida malaylik qilib yurgan Boʻrini chaqirib edi.

Boʻri esa mizgʻiyotuvdi, qoʻy goʻshtidan tush koʻrayotuvdi, shoʻrvada hil-hil pishgan toʻsh koʻrayotuvdi… Tanish ovozdan koʻzlarini yarq ochib, uyqusi qochib, oʻzini uxlamaganga tutib, choʻmich chap qoʻlidaligini unutib, qaynatmani kovlayman, Jodugarning koʻnglini ovlayman deb, hushini yigʻib, qaynab turgan qozonga oʻng qoʻlini tiqib, bir kovladi, ikki kovladi va qoʻli kuyib joni achidi, osmon qadar sapchidi. Koʻzlari gʻiltillab, Jodugarga moʻltillab, kuygan qoʻlini qoʻltigʻiga qisdi. Kuyganini bildirmay, «Qaynatma tayyor! Suzaymi?» dedi.

Jodugar jerkdi:

– Qaydan tayyor boʻladi? Hali yana uch kun qaynashi kerak…

– Xom yeb boʻri oʻlibdimi? – dedi Boʻri toʻngʻillab.

– Men xom yeb oʻlmoqchi emasman, yosharmoqchiman, – oʻshqirdi Jodugar. – Hali unga toʻlin oy kechasi pishgan Eshakmiya oʻtining urugʻini tuyib, Oysanamning bir piyola koʻz yoshi va ikki tomchi qonini aralashtirib, qoʻshmaguncha qaynatma tayyor boʻlmaydi.

Boʻrining kuygan qoʻli achib, Yalmogʻizga zahrini sochib, dedi:

– Yosharish uchun hammani qiynamay, yuzning et-betini torttirib qoʻysangiz boʻlmaydimi?

– Aqllilik qilma, qaynatma esa uch yuz yoshga yashartiradi… Gap koʻz yoshda emas, qizning dardu alamida… Shular menga davo boʻladi, – Jodugar koʻrsatkich barmogʻini koʻkka niqtab, uqtirdi. – Shular meni ichdan yoshartiradi. Boʻpti… Devga qoʻngʻiroq qil, tez kelsin!

Dev qayta tarbiyalanishdan xavotirda

Boʻri kuygan qoʻlini bogʻlab, Jodugardan kuygan koʻnglini dogʻlab, oʻziga oʻzi gapirib, chap qoʻli bilan qaynatma shopirib turganda Dev uchib keldi. «Toʻp» etib hovli oʻrtasiga tushdi-da, gilamni oʻrab, nima gapligini soʻrab, Boʻriga boqdi. Oshpazimiz eshigi oldida movut toʻn ustidan sovut kiygan Tulki turgan uyga ishora qildi. Dev «tushunarli», deb oʻyladi va kelib, derazadan boʻyladi:

– Nima deysiz, momoy?

Jodugar Devga oʻqraydi.

– Momoy dema, yana toʻrt kundan keyin bir yosharay… Bir xushroʻy boʻlay… – Devning qoʻltigʻidagi gilamga ishora qildi. – Yana gilamda uchdingmi?

– Bordim-u qaytdim… Qizgʻanmang, benzin ketmasa…

– Tez joyiga qoʻy… – Jodugar sholchaga boqdi. – Oʻzim sholchada oʻtiribman-ku, sen gilamimda sayr qilasan…

Jodugar Devning basharasiga boqib esnadi, soʻng nega chaqirganni esladi:

– Oysanam qani?

Dev maqtandi:

– Oʻrdagi gʻorga yashirib keldim… YO shu yerga keltiraymi?

– Hozircha oʻsha yoqda tursin, qaynatma maromiga yetmadi… Oy toʻlishini, eshakmiya urugʻining pishishini kutamiz. Qizing yigʻlayaptimi?

– Qayga boradi? – Dev kerildi. – Bilasiz-ku, meni koʻrganlar yigʻlavoradi… Togʻora qoʻyib keldim, borganimcha toʻla koʻz yosh boʻladi.

Jodugar sevindi:

– Yaxshi… Aytgancha, Boy bobo qizini keltirganga tilla vaʼda qilgan… Uni Cholning oʻgʻli qidirib kelyapti.

Devning ensasi qotdi:

– Yaxshi boʻpti-da!

– Boʻpti, borib, uni bir yoqlik qil…

Dev taraddudlandi, Jodugar toʻxtatdi:

– Shoshma, bir fol boqib koʻray-chi.

Jodugar chang bosgan kitobini “puf”lab, barmogʻiga tuflab varaqladi. Oʻqiy turib, rangi gezardi, nimanidir sezardi! Dev savol bermadi, lekin yomon gapligini bildi, Jodugar vahima qildi:

– Cholning oʻgʻli seni qoʻlga olib, qayta tarbiyalar ekan!

Dev chaqchayib yutindi, soʻng gapga tutindi:

– Meni-ya?! Otam tarbiyalolmagan, enam tarbiyalolmagan, oʻsha jinqarcha nima qilarkan?

– Mening folim yolgʻon chiqmaydi, – dedi Jodugar.

Dev oʻyga choʻmdi, gap sovuq edi – toʻndi:

– Bu nima kitob boʻldi?

– Ertak va sehr-jodular!

Dev oʻzi bemaʼni boʻlsa-da, maʼnili ohangda, choʻzib «ha-a-a-a!» deganday, goʻyo hammasini tushunganday boʻldi.

– Borib, Ahadni bu yoqqa tutib kel! – buyurdi Jodugar.

Buyruq Devni choʻchitdi va tilini qichitdi:

– Nima deyapsiz?! Folingiz rasvo-ku, yana «bor» deysiz!Ajdarga aytaman, oʻzi tutib keltiradi, – dedi.

Tengsiz jang: hamma hangu mang.

Ahad soʻqmoq yoʻl boʻylab, boylikni oʻylab ketib borardi. Toʻsatdan Ajdar boshi uzra shiddat bilan uchib oʻtdi, Ahad choʻchib ketdi, zoʻrgʻa egilib ulgurdi, soʻng ortidan qilichini havolatib yugurdi. Ajdar huvvv naridan burilib, bulutlarga urilib, katta aylana qilib, qaytdi va yoʻl-yoʻlakay soʻlakay oqizganday olov purkadi.

Ahad oʻzini himoyalash uchun qalqonini tutdi, qoʻrgʻoshindan ekanmi, nima balo olovda erib, oqib tushdi va bu Ajdarga yoqib tushdi. Kamiga olovning damiga qilichidan zang sachradi, tigʻ dastadan ajradi. Ahad ularni tashlab, daraxt panasiga topindi, olovda kuygan qoʻli bilan yelpindi, soʻng boʻylab, kamondan uch oʻq otdi, ikkisi tegib, birisini yoʻqotdi. Bir oʻq Ajdarning oʻng qanotini, ikkinchisi chapini yalab oʻtdi, uchinchisi olovda yonib, oʻtga oʻt qalab oʻtdi.

Ajdar qoʻndi va Ahad tomon xezlanib, tezlanib kelaverdi. Xazina umidvori kuygan qoʻllarini musht tutib, nafasini ichiga yutib, urishmoqqa hozir boʻldi.

Buni jang desak, tengsiz edi – raqib bahaybat, Ahad esa mitti, kuyib tutagan, qurolsiz va, hatto, yengsiz edi. Ajdar teshik qanotlarini ishga solib, Ahadning boshiga solib, dumalatib yubordi. Atrof chang, qahramonimiz garang boʻldi, uchar gaz ballon esa uni xanjardek oʻtkir panjasida siqib, osmonga koʻtarildi.

Havoda toʻqnashuv

Chumchuq kerilib, oʻziga berilib, atrofga boqmay, mijja qoqmay uchib borar, roʻparadan esa panjalari orasida Ahadni siqqan, Zulmat saltanatiga oshiqqan Ajdar kelardi. Ikkalasiniyam xayoli qochgan, birovni bir-miriga olmaydi, bir-birini koʻrmaydi.

Ajdar qanotining bir cheti Chumchuqning ketiga urilib, u muvozanatini yoʻqotib, tutoqib, oʻshqirdi:

– Ey, kim u? Men chap qanotim bilan yigirma beshta terakni yiqitgan Chumchuqman… Hazillashma…

Chumchuq nihoyat uchib ketayotgan, goʻyo undan choʻchib ketayotgan Ajdarni ilgʻadi. Ketidan baqirdi:

– Ey, koʻzmi bu, poʻstakning yirtigʻi? Bir urib, abjagʻingni chiqarib qoʻyardim-ku, ketib qolyapsan-da.

Koʻkargan yuz-qovogʻi, qanotidagi yamogʻi bilan Ajdar Chumchuqni sezmadi ham. Chumchuq uning panjasidagi Ahadni ilgʻadi, baqirib soʻradi:

– Ahad, yoʻl boʻlsin?

Ahad javob berishga qanchalar urinmasin, panjalar boʻsharmidi, soʻzlashga qoʻyisharmidi: oʻpkasi siqilgan, nafasi tiqilgan, bigʻilladi, xolos.

Chumchuq soʻziga tushunmadi, oʻzicha arazladi:

– Vigʻir-vigʻir qilib, bular ikkisi, qayga ketyapti?

Chumchuq odati boʻyicha yana xabar yetkazdi

Dehqon bobo uyida, ariq boʻyida – olcha soyasida oʻtirib, gupirib soʻzlayotgan Chumchuqni tinglamoqda. Hushyor va tetik Xoʻtik ularning suhbatini jon quloq tinglaydi.

– Ishonmaysizmi, Ajdarga osilib ketdi, – deydi Chumchuq.

Xoʻtik gumonga boradi – soʻradi:

– Osilib?

Chumchuq tilini tiydi, «shunaqa ediyov», deb qoʻydi. Dehqon bobo ancha dono edi, gap magʻzini tushunib, dedi:

– Demak, Ajdar olib ketgan!

– Balki Ahad Ajdarni olib ketgandir, – fikr bildirdi Chumchuq.

– Qanaqa Ajdar deding? – soʻradi Dehqon bobo.

– Oddiy, ajdardaqa ajdar, ikkita boshi bor… – qanotlarini yoyib koʻrsatdi. – Qanotlari mana bunday!

Xoʻtik-ku daho emas, lekin goho ahmoqona gapni anglaydi:

– Koʻrgan Ajdaring chittak emasmi?

– Oʻzing, chittak! – Chumchuq chers gapirdi, ters oʻgirilib, qanotlarini choʻzib, chamaladi, gapni kesib, uzib, – yoʻq, Chittak emas! – dedi.

Ahad Zulmat saltanatida

Zulmat saltanati!

Oʻrlik etagidagi katta gʻor ogʻzi. Atrofda toshlar, chanoqlar, boshlar… Gʻor oldidagi tekis maydonda xarsangda Dev biroz qisinib, oftobda isinib oʻtiribdi. Goh-goh, banogoh osmonga boqadi. Shotiridan xavotirga borib, oʻz oʻzini koyiydi: «Ajdarning Ahadga kuchi-ku yetar, aqli yetadimi? YO boshlari bir-biri bilan urishib, ishni rasvo etadimi?»

Shu payt gʻuborli osmonda bir nuqta koʻrindi, Dev sevinib, nimaligini bilishga urindi. Nihoyat, nuqta kattalashib, gap talashib kelayotgan Ajdar koʻrinishini oldi, panjasida Ahad tipirchilaydi.

Ajdar qanotlarini yoyib, shoʻngʻib keldi, qoʻnish ogʻirligini bildi va Ahadni tashlab, panjasini yerga tirab, munkib ketdi.

– Oʻ-hoʻ, bejab tashlabdi-ku! Yaxshiyam oʻzim bormabman… – Dev anchayin mamnun ham boʻldi.

Ajdar oʻzi bilan oʻzi urishib, tomoqlari qurigan edimi, nimadir dedimi, xirillagan sas chiqdiyu anglab boʻlmadi. Bu Devga qiziq ham emasdi, Ahadni yoʻqladi – xezlanib doʻqladi:

– Hali senmi, oʻsha zoʻr?

Ahad oʻrnidan turib, dobdirab yurib, ust-boshini qoqdi, Devga olayib boqdi:

– Oysanam qani?!

Ajdarning boshlari bir-biriga kalla qoʻyib, soʻng oʻng bosh bu ishni qoʻyib, Devga gapirdi:

– Oʻlguday qaysar ekan. Kuchiyam koʻp…

– Zarari yoʻq, bu yerga kelgan bedodlarning hammasi boshida shunday qiladi.

Ajdar panjasi bilan oʻng boshining koʻkargan, yorilgan chap yuzini siladi. Chap bosh maqtandi:

– Yaxshiyam, besh yil uchuvchilikka oʻqiganim, boʻlmasa tutolmasdik.

Bu Oʻng boshga yoqmadi:

– Qanaqa besh yil? Darsda mudrab oʻtirarding, oʻrninggayam oʻzim «men» deb yuborardim-ku.

Shunday – Ajdarning bunday qoʻshboshligi beboshlikdan boshqa narsa emas: ular kelishmaydi, ayniqsa ovqat mahal tikka janjallashishadi: oshqozon esa yakka! Bir kalladan ikki kalla yaxshi, degan gap shu yerda isbotini topmagan.

Ahad Oysanam bilan tanishdi

Devning gʻori.

Hammayoq tosh, zax, ichkari qorongʻi, begona koʻzdan toʻsilgan, toʻrt-beshta ulkan temir qafas gʻor shiftiga osilgan. Birida, oʻsha, oʻzimiz bilan qizimiz Oysanam!

Gʻorga engashib Dev kirdi, qoʻlida Ahad – oyogʻi va qoʻlidagi tayogʻi bilan Devni urmoqchi boʻladi, biroq na tayogʻi va na oyogʻi yetmaydi. Dev, albatta, undan buni kutgan va qoʻlini choʻzib, uzoqda tutgan.

Boʻsh qafasni ochib, Ahadni soldi-da yopdi, shu yerdan uzun temir topdi-da, qafas eshigining zulfiniga tiqib, gʻijirlatib, arqonday bogʻladi. Qiz bu holatni qiziqish va achinish bilan kuzatib turardi, Ahaddan soʻradi:

– Kimsan?! Seniyam Dev oʻgʻirladimi?

Ahad uyalib, yuzini chekkaga burdi, boshini qafasga urdi, toʻngʻilladi:

– Ahadman… Oʻzim keldim.

Devga bu gap qiziq tuyuldi, xaxolab kuldi:

– Aldama… Ajdar olib keldi.

– Baribir manzil shu yer edi… – toʻngʻilladi Ahad. – Unga minib keldim.

Dev Oysanamning qafasi ostidagi boʻsh piyola va kosaga nigohi tushdi, hushi boshidan uchdi:

– Iye, hali piyola boʻsh-ku!? Jodugar oʻldiradi!

Oysanam qoshini chimirdi, oʻzi kishanda boʻlsa-da, pisanda qildi:

– Ikkalasiyam boʻsh!

– Kosani gʻamini yema, oʻzimiz toʻldirib olamiz… – dedi Dev. – Yigʻlamadingmi?!

– Men yigʻlamayman!

– Piyola toʻlmasa oʻzingga qiyin… Bizgayam gap tegadi…

Dev mingʻillab, gʻordan chiqdi.

Bu uzuq-yuluq gapu soʻzdan, nigohu koʻzdan Oysanam hech vaqoni tushunmadi, Ahaddan soʻradi:

– Nega kelayotuvding?

– Seni qutqargani! – Ahad gʻurur bilan aytmoqchi edi-ku, lekin qurgʻur qafas xalaqit qildi: burishib oʻtirishini or bildi, shu sabab, sekin dedi, ortidan izoh ham berdi. – Otangdan bir sandiq tilla olmoqchi edim.

– Tilla emish… Endi oʻzingni kim qutqaradi? – kesatdi Oysanam.

Poʻlat qutqaruvchi boʻlmoqchi, Olapar ham

Hovli supasida dasturxon yozilgan, atrofida gʻamdan ezilgan Dehqon bobo, Enajon momo, Poʻlat oʻtiribdi. Sal narida Olapar tumshugʻini pashshalardan yashirib, Xoʻtik tuproqda qashinib yotibdi.

Dehqon bobo tashvish bilan Poʻlatga gapirdi:

– Beaql akang boylikka uchib, qizni qutqargani ketgan.

– Ortidan boraymi?

– Bormasang boʻlmas… – ikkilandi Dehqon bobo.

Bu gap Enajon momoga yoqmadi:

– Nega borasan?! – dedi hayajon bilan

Poʻlat onasiga oz-moz eʼtiroz bildirdi:

– Qutqarish kerak, axir… – nafasini rostlab, orzu havasini qoʻshib quydi. – Bir sandiq tilla ham zarar qilmaydi…

Olapar tumshugʻini tilda yuvib, pashshalarni quvib, Dehqon boboga xushomad uchun, Poʻlatga buyurdi:

– Ha, bor, akangni qutqar…

Xoʻtikka Olaparning bardor-bardorlik bilan qilgan laganbardorligi yoqmadi:

– Oʻlguday tilyogʻmlamasan-da… Jim yot?

– Dumim boʻlganda, jimgina likillatib turardim… Xoʻjayinga yoqishim kerak-ku.

Olapar shunday deb, qachondir, bolaligida, yoʻgʻ-e, kuchukbolaligida kesilib, sezilib-sezilmay, bir tutam jun boʻp qolgan dumini amallab qimirlatdi.

Dehqon bobo gapini notoʻgʻri bildi va Poʻlatga nasihat qildi.

– Sen ham boylikni deb borsang, ishing yurishmaydi.

– Unda akamni deb yoʻlga chiqaman, – Poʻlat maʼnodor qilib davom etdi. – Tillani esa shunchaki olamiz… Bergandan keyin olamiz-da, tashlab ketmaymiz-ku!

Dehqon boboning koʻzlari miltillab, gʻiltillab yoshga toʻldi.

– Yaxshi… Faqat senga yaxshi bir yoʻldosh kerak…

Dehqon bobo shunday deb, “qani kim? Nega jim?!” deganday Xoʻtik va Olaparga boqdi. Xoʻtik hozirgina gerdayib turuvdi, norozi boʻlib, “fuuu” degancha ortga surildi. Olapar esa sevinib koʻpchidi, shoshib, koʻkka sapchidi:

– Men boraman! Men boraman!!!

Safar oldidan xayrlashuv

Qishloq chekkasidagi tuproq yoʻl.

Bir chekkada Ahadning paykonidan kesilib, soʻng Chumchuqning zarbidan qulagan, barglari soʻligan teraklar. Dehqon bobo hayronu lol turardi, Chumchuqdan soʻradi:

– Rost ekan-da, a?

– Siz meni kim deb oʻylovdingiz?! Bir urib yiqitganim rost… Ham kuchli, ham rostgoʻyman…

Dehqon boboga bu – kulchaga zuvaladay, bir siqim guvaladay qushning maqtanchoqligi yoqmadi, biroq eʼtiroz qilmadi, Poʻlatga oʻgit berdi:

– Oʻgʻlim, boylikka oʻch boʻlma, uni deb qoʻyilgan qadam yaxshilikka olib kelmaydi. Akangdan misol… Oldingga aniq maqsad qoʻy va oʻshanga intil… Intilsang yetasan!

Chumchuqdan oʻtdimi yoki oʻziniki “tutdimi”, Olapar maqtandi:

– Xoʻjayin menga ishonavering, oʻzim ikkala oʻgʻlingizniyam eson-omon qaytarib kelaman. Boʻpti, biz ketdik. Gap koʻpaydi. Tez borib, Ajdarni yengib, tez qaytamiz!

Olapar yoʻlga tushdi, Poʻlat ergashdi.

“Qanotsiz uchgan otlar…”

Poʻlat va Olapar yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib…

Ha, yuradi-da, ularning Ajdarnikiday, teshik boʻlsa-da, qanoti yoʻq… Jodugarnikiday uchar gilami ham… Shundan alami kelib, gap-soʻzsiz ketaverishdi. Haliyam Olaparga yaxshi, oyogʻi toʻrtta, Poʻlatga qiyin – ikkita, ular ham moʻrt-da… etik yoki kovush kiymasa boʻlmaydi.

Ular yoʻl tubsiz va ikki yonga cheksiz choʻzilgan jarga taqalib uzilgan yergacha yurishdi. Yoʻl tugashi bilan Poʻlat oʻzini shart keksa daraxt soyasiga tashlab, qavarib ketgan oyogʻini qashlab, dedi:

Продолжить чтение